Tajribali fermer — samarali mehnat namunasi Amudaryo tumanida fermerlik faoliyatini izchil rivojlantirib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda yuqori natijalarga erishib kelayotgan fermerlardan biri — “Do‘simbetova Qizlargul.” fermer xo‘jaligi rahbari Do‘simbetova Qizlarguldir. Fermer xo‘jaligining umumiy yer maydoni 60,3 gektar bo‘lib, shundan 35 gektarida paxta, 19,3 gektarida boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtiriladi. 2021–2025-yillarda paxta hosildorligi 36–40 sentnerni tashkil etib, qariyb 700 tonna sifatli paxta yetishtirilgan va shartnomaviy rejalar 150–170 foiz darajasida bajarilgan. G‘allachilik yo‘nalishida ham barqaror ko‘rsatkichlarga erishilib, 11 gektar maydondan hosildorlik 57 sentnerdan 60 sentnergacha oshirilgan. Davlatga 60 tonnadan ziyod bug‘doy topshirilib, reja 200 foizga bajarilgan. Xo‘jalikda yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga ham alohida e’tibor qaratilib, har yili 20–25 mln so‘m mablag‘ irrigatsiya va melioratsiya ishlariga yo‘naltiriladi. 2,5 kilometr uzunlikdagi “Nazarxon-arna” kanali va 1,7 kilometr zovur muntazam tozalanib, ta’mirlanadi. Fermer xo‘jaligining moddiy-texnika bazasi zarur qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlangan. Ulardan samarali foydalanish natijasida so‘nggi uch yilda 40 mln so‘mdan ortiq mablag‘ iqtisod qilingan. Xo‘jalikda 25 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlangan. Shuningdek, 0,10 gektar maydonda baliqchilik havzasi tashkil etilgan, parrandalar soni 400 boshga yetkazilgan. Hududni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish maqsadida joriy yilda 1000 tup manzarali, 300 tupdan ortiq mevali hamda 2000 tupdan ortiq terak va tut ko‘chatlari ekilgan. Do‘simbetova Qizlargulning samarali mehnati munosib baholanib, 2020-yilda “Qishloq xo‘jaligi fidoyisi”, 2022-yilda esa “Ilg‘or fermer” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan. Bugungi kunda ham fermer xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, yuqori hosildorlikka erishish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.