RASMIY MUNOSABAT

“ANTIKORRUPSIYA” axborot manbasida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi “MAMATKARIM-SHARIFBOY” MCHJ tomonidan “QIPCHOQ G‘ALLA KLASTER” MCHJga yetkazib berilgan o‘g‘it mahsulotlari uchun to‘lovlar bilan bog‘liq qarzdorlik yuzaga kelgani haqida tanqidiy material e’lon qilingan.

Mazkur holat yuzasidan shuni ma’lum qilamizki, o‘zaro tuzilgan shartnoma doirasidagi hisob-kitoblar, majburiyatlar va qarzdorlik masalalari avvalo shartnoma shartlari hamda amaldagi qonunchilik talablari asosida hal etilishi lozim.

Shu munosabat bilan, agar tahririyatda mazkur holatni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lsa, ularni belgilangan tartibda taqdim etish hamda qarzdorlikni undirish yuzasidan tadbirkorlik subyekti — qarzdorga rasmiy talabnoma bilan murojaat qilish tavsiya etiladi.

Qarzdor tomonidan ushbu talabnoma belgilangan muddatda, xususan 5 kun ichida bajarilmagan taqdirda, shartnoma shartlari va amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq qarzdorlikni undirish masalasi bo‘yicha iqtisodiy sudga murojaat qilish huquqi mavjud.

Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘rtasidagi shartnomaviy munosabatlarga asossiz ravishda aralashmasligini, nizoli holatlar esa vakolatli organlar va sud tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda hal etilishini ma’lum qiladi.

Vazirlik tomonidan o‘z vakolati doirasida qonunchilik talablariga rioya etilishi ta’minlanishi hamda qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritayotgan subyektlarning qonuniy huquq va manfaatlari himoya qilinishiga alohida e’tibor qaratiladi.