Qishloq xo‘jaligi va chorvachilikni rivojlantirishda muhim masalalar
Bugun Qonliko‘l tumanida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari S.Nishonboyev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari K.Aytboyev va tuman hokimi B.Sultanov rahbarligida qishloq xo‘jaligi sohasida fermerlar bilan uchrashuv bo‘ldi.
Yig‘ilishda Prezidentimizning 2025 yil 31 oktyabrdagi PQ-322-son qarorining mazmun-mohiyati keng tushuntirildi. Qayd etilganidek, mazkur qaror bilan qishloq xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanish, chorvachilikni rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yangi tartiblar joriy etilgan.
Xususan, ozuqa ekinlarini yetishtirish uchun ajratilgan hamda paxta-g‘alla va chorvachilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklariga yer maydonining belgilangan qismida yengil konstruksiyali chorvachilik binolari, suv havzalari va ozuqa saqlash omborxonalari qurishga ruxsat berilishi, buning evaziga chorva mollari bosh sonini ko‘paytirish va ishlab chiqarish hajmini kengaytirish talablari belgilab qo‘yilgani qayd etildi.
Tadbirda Prezidentimizning PQ-82-sonli Farmoni asosida paxta va g‘alla yetishtiruvchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, sohaga imtiyozli moliyaviy mexanizmlarni joriy etish hamda ishlab chiqaruvchilarning iqtisodiy barqarorligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar haqida tushunchalar berildi.
Bundan tashqari, PQ-83-sonli Farmon bilan sug‘orilmaydigan va yaylov yer uchastkalaridan samarali foydalanishni rag‘batlantirish, bo‘sh turgan yerlarni ishlab chiqarish jarayoniga jalb etish, chorvachilik va ozuqa bazasini mustahkamlash bo‘yicha yaratilayotgan imkoniyatlar bo‘yicha ham batafsil ma’lumotlar berildi. Yig‘ilish yakunida fermer xo‘jaliklari rahbarlariga mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilish va ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
