Hurmatli fermerlar!

Bu yil bahor oylarida havoning salqin va yog‘ingarchilikli kelishi natijasida g‘o‘zaning rivojlanishi o‘tgan yillarga nisbatan 5-7 kunga kechikib, dalalarda ortiqcha namlik, begona o‘tlar hamda shira, trips va o‘rgimchakkana kabi zararkunandalar ko‘payishi kuzatilmoqda. Shu bois 1 iyulga qadar quyidagi agrotexnik va himoya tadbirlarini o‘z vaqtida amalga oshirish o‘ta muhim hisoblanadi. 1-iyulga qadar amalga oshirilishi shart bo‘lgan ishlar: 1. Qator oralariga ishlov berish va chuqur yumshatish. «Shinjon» usulidagi maydonlarda plyonkaga zarar yetkazmay 30-35 sm chuqurlikda yumshatish ishlarini amalga oshirish. Innovatsion texnologiya asosida 76×10 qo‘shqator usulida chigit ekilib, gektariga 220-240 ming tup ko‘chat olinmoqda. 76 sm bir qatorli sxemada esa 170-180 ming tup/ga ko‘chat qoldirish tavsiya etiladi. Ochiq maydonlarda birinchi suvgacha 3-4 marta kultivatsiya va kamida 2 marta chuqur yumshatish tavsiya etiladi. Qatorlar orasida kesak paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Bu tadbirlar ortiqcha namlikni kamaytiradi, paxtaning ortiqcha bo‘yiga ketishini to‘xtatadi, ildiz rivojlanishini kuchaytiradi; g‘unchalash va hosilga kirishni 7-10 kunga tezlashtiradi. G‘o‘zaning mahalliy navlarining o‘sish davrida yovvoyi o‘tlarga qarshi gerbitsidlardan galoksifop-R-metil 10,4% em.k., kvizalop-p-tefuril, kvizalop-p-etil yoki kletodim ta’sir etuvchi modda bo‘lgan kimyoviy vositalardan birini qo‘llash tavsiya etiladi. G‘o‘zaning 3-4 chin barg fazasida fizik jihatdan 35-50 kg/ga azotli o‘g‘itlar bilan oziqlantirish tavsiya etiladi. Biostimulyator va mikroelementlar bilan bargdan oziqlantirish. G‘o‘zaning 3-4 va 5-6 chin barg davrida rux, bor, marganes, molibden, oltingugurt, temir saqlovchi mikroo‘g‘itlar hamda biostimulyatorlar bilan ishlov berish tavsiya etiladi. G‘o‘zaning holatidan kelib chiqib, 2-4 va 5-6 chin barg, davrlarida poyaning o‘sishi, hosil elementlarining shakllanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan, tashqi stresslarga (400S dan yuqori harorat, garmsel, qurg‘oqchilik, sho‘rlanish, kasallik) chidamliligini oshirish maqsadida tarkibi gumin va fulvo kislotali, aroxidonat kislotali, mikrobiologik yoki mikro va makro elementli biostimulyatorlarni tavsiya etilgan me’yorlarda 6-7 martagacha eritma shaklida o‘simlikka qo‘llash tavsiya etiladi. Dala chetlariga ISO qaynatmasi bilan ishlov berish, o‘suv davrida gektariga 2000-2500 donadan oltinko‘z tuxumlariga 15 kun oraliq bilan qo‘yish kerak. G‘o‘zaning shira, trips bilan zararlanishi 6-7 foizdan oshganda dalaga kimyoviy usulda qarshi kurash ishlari amalga oshiriladi. Bunda, tarkibida imidakloprid, atsetamiprid, tiametoksam bo‘lgan preparatlardan birini qo‘llash tavsiya etiladi. Bu ishlar o‘simlik immunitetini oshiradi, ildizni mustahkamlaydi, shira va tripsga chidamlilikni kuchaytiradi, mahsulot elementlarining erta shakllanishini ta’minlaydi. Ko‘chib ketishning oldini olish G‘o‘za bo‘yiga tez o‘sib, bo‘g‘in oralig‘i 6-7 sm ga yetganda mepikvat xlorid asosidagi retardantlar bilan ishlov berish zarur. Bu poya o‘sishini yaxshilaydi, g‘unchalashni tezlashtiradi, qo‘shimcha ko‘saklarning paydo bo‘lishiga yordam beradi. Zararkunandalarga qarshi qattiq nazorat. Hozirgi kunda maydonlarda shira, trips, kuzgi tunlam, o‘rgimchakkana faol ko‘payish xavfi yuqori. Shu bois kundalik monitoring olib borish, biologik va kimyoviy vositalarni o‘z vaqtida qo‘llash, dala chetlarini doimiy nazorat qilish talab etiladi. Ayniqsa, bargda 5-6 ta shira yoki trips, 7-8 ta o‘rgimchak keyinroq aniqlansa, darhol qarshi kurash choralari ko‘rilishi shart. Sug‘orishni to‘g‘ri tashkil qilish G‘o‘zani chanqatmay, me’yorda sug‘orish, ortiqcha suv to‘planishiga yo‘l qo‘ymaslik, namligi yuqori bo‘lgan maydonlarda tezlik bilan yumshatish ishlarini o‘tkazish kerak. Muhim ogohlantirish, barcha zararkunandalar va kasalliklarga qarshi kurashish tadbirlarini O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining inspektorlari va mutaxassislari bilan maslahatlashgan holda amalga oshirish so‘raladi. Chunki 1-iyulgacha bo‘lgan davr g‘o‘zaning asosiy g‘unchalashi, mahsulot elementlari shakllanishi, kelgusi hosildorlikni belgilab beradigan eng muhim bosqich hisoblanadi. Bu davrda agrotexnik tadbirlarni kechiktirish, rivojlanishning 10-15 kunga orqada qolishiga, ko‘saklar sonining kamayishiga, hosildorlikning pasayishiga olib kelishi mumkin. O‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilgan ishlar esa g‘o‘zaning sog‘lom rivojlanishi, zararkunanda va kasalliklarga chidamliligi hamda yuqori hosil olishning asosiy omilidir.

Буклет Пахта тарбиясы 2026