Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi: samarali faoliyat va yangi tashabbuslar
Qishloq xo‘jaligi mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biri bo‘lib, bugungi kunda fermer xo‘jaliklarida ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish hamda yangi ish o‘rinlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Amudaryo tumanining Bobur nomli ovulida faoliyat yuritayotgan “Umid Azimxo‘ja” fermer xo‘jaligi ana shunday ko‘p tarmoqli xo‘jaliklardan biridir.
Fermer xo‘jaligi o‘z faoliyatini 2013-yilda boshlagan. Bugungi kunda xo‘jalik tasarrufida jami 168 gektar yer maydoni mavjud bo‘lib, shundan 79 gektari ekin maydonlari hisoblanadi. Joriy qishloq xo‘jaligi yilida 15 gektar maydonda bug‘doy yetishtirilgan bo‘lsa, 64 gektar yer maydoniga chigit ekilgan.
Xo‘jalik rahbari Umarbek Jumaboyev tomonidan ishlab chiqarishni kengaytirish va xo‘jalik faoliyatini diversifikatsiya qilishga qaratilgan izchil ishlar natijasida fermer xo‘jaligida dehqonchilik bilan bir qatorda chorvachilik, bog‘dorchilik va baliqchilik yo‘nalishlari ham yo‘lga qo‘yilgan.
Xususan, xo‘jalikda 80 bosh qoramol va 100 bosh qo‘y parvarish qilinmoqda. Qoramollarning asosiy qismini Golshteyn va Simmental zotlari tashkil etsa, qo‘ylar Hisori va Arashan zotlariga mansub. Bu esa naslli chorvachilikni rivojlantirish, go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish imkonini bermoqda.
Shuningdek, xo‘jalik hududidagi 3 gektar maydonda mevali bog‘ barpo etilgan. 2 gektar maydonda sun’iy suv havzalari tashkil etilib, intensiv usulda baliq yetishtirish ishlari olib borilmoqda.
Fermer xo‘jaligi tomonidan qishloq joylarda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash maqsadida tosh maydalash kareri ham ishga tushirilgan. Mazkur yo‘nalish xo‘jalik uchun qo‘shimcha daromad manbai bo‘lish bilan birga, yangi ish o‘rinlarini yaratishga ham xizmat qilmoqda.
Ayni paytda xo‘jalik jamoasi paxtadan yuqori hosil olish va yetishtirilgan hosilni qisqa muddatlarda, sifatli yig‘ib-terib olishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bunda xo‘jalik tasarrufidagi zamonaviy paxta terish mashinasidan samarali foydalanish rejalashtirilgan.
“Umid Azimxo‘ja” fermer xo‘jaligi tajribasi yer va mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanish, faoliyatni ko‘p tarmoqli asosda tashkil etish hamda zamonaviy yondashuvlarni amaliyotga joriy etish orqali qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish mumkinligini ko‘rsatmoqda.
