TOZA DALA — UNUMDOR TUPROQ VA EKOLOGIK BARQARORLIK GAROVI
🌾 Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxiatosh va Xo‘jayli tumanlarida qishloq xo‘jaligi yerlarini plastik chiqindilardan tozalash, tuproq unumdorligini saqlash va ekologik barqarorlikni ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan amaliy seminarlar o‘tkazildi.
🚜 Seminarlar Taxiatosh tumani Keneges OFY hududidagi “Usmon ota Mehri” fermer xo‘jaligi hamda Xo‘jayli tumani Samanko‘l OFY hududidagi “Baxiev O‘tkirbek” fermer xo‘jaligi dalalarida tashkil etildi. Ularda fermer xo‘jaliklari rahbarlari va soha mutaxassislari ishtirok etdi.
🌱 Tadbirlar davomida paxta yetishtirishda foydalanilgan tomchilatib sug‘orish shlanglari va plyonkalarni dalalardan to‘liq yig‘ishtirib olish, plastik chiqindilarni belgilangan tartibda utilizatsiya qilish hamda qishloq xo‘jaligi yerlarining ekologik holatini yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
♻️ Ta’kidlanganidek, dalalarda qolib ketgan plastik chiqindilar uzoq vaqt davomida parchalanmay, tuproqning tabiiy xususiyatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois hosil yig‘im-terimidan so‘ng foydalanilgan sug‘orish shlanglari va plyonkalarni o‘z vaqtida yig‘ishtirib olish, ularni qayta ishlashga yo‘naltirish muhim ahamiyatga ega.
🌾 Shuningdek, kuzgi g‘alla ekish ishlari yakunlanib borayotgan bir paytda ekin maydonlarini toza saqlash, agrotexnik tadbirlarni sifatli amalga oshirish va tuproq unumdorligini asrash zarurligi qayd etildi.
📋 Seminarlar yakunida fermer xo‘jaliklari rahbarlariga dalalarni plastik chiqindilardan tozalash, tomchilatib sug‘orish tizimlarining foydalanilgan qismlarini yig‘ishtirib olish hamda ekologik talablarga rioya etish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
✅ Toza dalalar — unumdor tuproq, ekologik muvozanat va qishloq xo‘jaligi barqarorligining muhim omilidir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi
Axborot xizmati
