21-OKTABR — O‘ZBEK TILI BAYRAMI KUNI
Qadrli yurtdoshlar! Hurmatli vatandoshlar!
Avvalo, barchangizni 21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan samimiy muborakbod etaman!
Ona tili — millatning bebaho boyligi, uning tarixi, madaniyati, ma’naviyati va milliy o‘zligini namoyon etuvchi muqaddas qadriyatdir. Har bir xalqning asrlar davomida shakllangan urf-odatlari, an’analari va ma’naviy merosi, avvalo, uning ona tilida o‘z ifodasini topadi.
1989-yil 21-oktabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimiz hayotida muhim tarixiy voqea bo‘ldi. Ushbu sana milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, ona tilimizning jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida tarixga muhrlandi.
Bugungi kunda mamlakatimizda davlat tilining nufuzini yuksaltirish, uning barcha sohalarda keng qo‘llanilishini ta’minlash, boy adabiy va ma’naviy merosimizni kelajak avlodlarga yetkazish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, ko‘p millatli Qoraqalpog‘iston diyorida turli millat va elat vakillarining o‘zaro ahillik, do‘stlik va hamjihatlikda yashashida tilga bo‘lgan hurmat, milliy qadriyatlarga ehtirom muhim ahamiyat kasb etadi.
Zero, tilga ehtirom — millatga ehtirom, ona tilini qadrlash esa Vatanga bo‘lgan muhabbatning yorqin ifodasidir.
Aziz vatandoshlar!
Sizlarni ushbu qutlug‘ sana — O‘zbek tili bayrami kuni bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.
Barchangizga mustahkam sog‘liq, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka, yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo‘lidagi faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
O‘zbek tili bayrami kuni barchamizga muborak bo‘lsin!
Hurmat bilan,
Kamiljan Aytbaev
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari — Qishloq xo‘jaligi vaziri
