Eksport, qayta ishlash va yangi ish o‘rinlari: Kegeylidagi yirik agroloyiha 🌱 Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov sohada amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligi bilan tanishish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib turibdi. 📍 Tashrifning ilk manzili sifatida Kegeyli tumanidagi “ADM Agro” MChJ faoliyati o‘rganildi. Vazirga tashrif davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Farxod Ermanov hamrohlik qilmoqda. 🌲 Ayni paytda korxona tomonidan 63 gektar maydonda intensiv olxo‘ri bog‘i barpo etilgan. Loyiha doirasida mahsulotni yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va eksportga yo‘naltirishni qamrab oluvchi majmuaviy agroklaster tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda. Kelgusida loyiha maydonlarini 300 gektargacha kengaytirish rejalashtirilgan. 🚨 Loyihaning muhim jihatlaridan biri — yetishtirilgan hosilni nafaqat xomashyo sifatida sotish, balki uni chuqur qayta ishlash, qadoqlash va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishdir. Natijada mahsulotlar ichki va tashqi bozorlarga yetkazib beriladi hamda hududda yangi ish o‘rinlari yaratiladi. 🍊 Yetishtirilayotgan olxo‘ri navlari ichki va tashqi bozorlarda yuqori talabga ega bo‘lib, hosilning asosiy qismi eksportga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Bu esa hududning eksport salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi. ❤️ O’z navbatida Ibrohim Abdurahmonov va Farhod Ermanov bog‘dorchilikni yanada rivojlantirish, eksportbop mevali bog‘lar maydonlarini kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Xususan, istiqbolda bunday intensiv bog‘larni kengaytirish hamda respublikamizning boshqa hududlarida ham barpo etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. 🌳 Vazir bog‘da amalga oshirilayotgan ishlarni ijobiy baholab, eksportbop meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish, qayta ishlash quvvatlarini kengaytirish hamda zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berdi. 📰 Shuningdek, bunday loyihalar hududda yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligini ta’minlash va eksport hajmlarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.