Qorao‘zak tumanida g‘o‘za parvarishiga bag‘ishlangan dala seminari o‘tkazildi

Qorao‘zak tumanida «Paxta yetishtirishda dolzarb 30 kunlik» doirasida g‘o‘za parvarishida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan dala seminari tashkil etildi.

Seminarda “O‘zagroinspeksiya”ning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i E.Qayipbergenov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi boshlig‘i Dj.Xudaybergenov, tuman hokimi A. Baymuratov, qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari va mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Tadbir davomida g‘o‘zaning vegetatsiya davrida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan agrotexnik tadbirlar, jumladan, sug‘orish, kultivatsiya, oziqlantirish, zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurashish hamda o‘simliklarni biologik va kimyoviy himoya qilish masalalari bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Shuningdek, dala sharoitida g‘o‘zani parvarishlashda yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan kamchiliklar muhokama qilinib, hosildorlikni oshirish va sifatli paxta yetishtirish uchun agrotexnik tadbirlarni belgilangan muddatlarda bajarish muhimligi ta’kidlandi.