Xo‘jaylida g‘o‘za maydonlaridagi muhim agrotexnik tadbirlar muhokama qilindi
Xo‘jayli tumanining “Jana jap” OFY hududidagi “Raim dam” fermer xo‘jaligida soha mutaxassislari va fermerlar ishtirokida amaliy dala seminari bo‘lib o‘tdi. Tadbir g‘o‘za parvarishining ayni bosqichida bajarilishi zarur bo‘lgan ishlarni belgilab olish hamda fermerlarga amaliy tavsiyalar berishga qaratildi.
Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — qishloq xo‘jaligi vaziri Kamiljan Aytbaev, respublikadan biriktirilgan vakil Abror Raximjonov, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi vakillari, qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari hamda mas’ul tashkilotlar vakillari qatnashdi.
Ishtirokchilar g‘o‘za maydonlarining mavjud holatini bevosita dalaning o‘zida o‘rganib, mo‘l va sifatli hosil yetishtirishga ta’sir qiluvchi omillar yuzasidan fikr almashdi. Har bir agrotexnik tadbirni belgilangan muddatlarda va sifatli bajarish hosildorlikni ta’minlashning asosiy sharti ekani ta’kidlandi.
Mutaxassislar tomonidan sug‘orish tartibini to‘g‘ri belgilash, o‘simliklarni mineral o‘g‘itlar bilan me’yorida oziqlantirish, qator oralariga sifatli ishlov berish va suspenziya sepish bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Shu bilan birga, zararkunandalar va kasalliklarning tarqalishini doimiy kuzatib borish hamda aniqlangan holatlarga qarshi tezkor choralar ko‘rish zarurligi qayd etildi.
Seminar doirasida yer resurslaridan oqilona foydalanishga ham e’tibor qaratildi. Xususan, dala chetlariga mos ekinlarni joylashtirish, bo‘sh maydonlardan unumli foydalanish va shu orqali fermer xo‘jaliklari uchun qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish bo‘yicha tavsiyalar bildirildi.
