Sovitkichli sig‘imlar — mahsulotni yil davomida sifatli yetkazib berish imkoniyati

Amudaryo tumani “Tosh yop” OFY hududida faoliyat yuritayotgan Sherzot Bekmanov dehqon xo‘jaligi tomonidan meva-sabzavot mahsulotlarini sifatli saqlash hamda aholini yil davomida sarxil mahsulotlar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xo‘jalik tasarrufidagi 4 gektar bog‘da yetishtirilayotgan meva mahsulotlarini uzoq muddat sifatini saqlagan holda bozorga chiqarish maqsadida bundan ikki yil avval umumiy 150 tonna sig‘imga ega ikkita sovitkichli ombor — 100 tonnalik va 50 tonnalik sig‘imlar barpo etilgan.

Ayni paytda mazkur sovitkichli omborlarga xo‘jalikning o‘z bog‘ida yetishtirilgan “Golden” navli olmalari joylashtirilmoqda. Ushbu mahsulotlarni qish va bahor oylarida aholi hamda ichki bozorlarga bosqichma-bosqich yetkazib berish rejalashtirilgan.

Bu kabi zamonaviy saqlash infratuzilmasining yaratilishi yetishtirilgan mahsulotlarni mavsumdan tashqari davrda ham sifatini saqlagan holda realizatsiya qilish, bozorlarda meva-sabzavot mahsulotlari ta’minotining barqarorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-apreldagi 206-son qarori asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sovitkichli sig‘imlar uyushmasiga a’zo bo‘lgan subyektlarga sovitkichli sig‘imlarni qurish yoki jihozlash hamda ulardan foydalanishda sarflanadigan elektr energiyasi xarajatlarining bir qismini qoplash maqsadida subsidiyalar ajratilmoqda.

Mazkur imkoniyatdan yuridik shaxslar, fermer va dehqon xo‘jaliklari agroportal orqali ariza berish yo‘li bilan foydalanishlari mumkin. Jumladan, sovitkichli sig‘imni qurish va/yoki jihozlash xarajatlarining 30 foizi, biroq 150 million so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda, shuningdek, qish va bahor oylarida sovitkichli sig‘imlardan foydalanish uchun sarflangan elektr energiyasi xarajatlarining 50 foizini qoplash uchun subsidiya ajratilishi belgilangan.

Bunday imtiyoz va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hududlarda zamonaviy sovitkichli sig‘imlar tarmog‘ini kengaytirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini nobud qilmasdan saqlash va iste’molchilarga yil davomida sifatli mahsulot yetkazib berish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.