Taxiatoshdagi paxta terimi: ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga izoh berildi
🌐Ijtimoiy tarmoqlarda Taxiatosh tumanidagi paxta dalalaridan birida terim pullari kechiktirilayotgani va terimchilar oziq-ovqat bilan ta’minlanmagani haqida videolavha tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan “Surxon Taxiatosh” MCHJ rahbari bilan bog‘lanilib, vaziyatga aniqlik kiritildi.
📍 Ma’lum bo‘lishicha, voqea Taxiatosh tumani Naymanko‘l OFY hududida joylashgan korxona paxta dalasida sodir bo‘lgan. Joriy yilning 17-oktabr kuni ertalab soat 09:00 da boshlangan terim jarayonida 1 500 nafar ko‘ngilli terimchi ishtirok etgan.
📋 Terimchilar sonining ko‘pligi sababli terilgan paxtani tarozida tortish, qabul qilish va hisob-kitob ishlariga odatdagidan ko‘proq vaqt ketgan. Soat 15:00 dan boshlangan tortish jarayonlari davomida soat 18:00 ga qadar 1 200 nafar terimchining paxta haqi to‘lab berilgan.
ℹ️Qolgan 300 nafar terimchining mablag‘lari ham ularning guruhlariga mas’ul bo‘lgan uch nafar vakilga topshirilgan. Ushbu mablag‘larni guruh rahbarlari har bir terimchiga tarqatish jarayoni vaqt talab qilgani sababli ayrim fuqarolar kutishga majbur bo‘lgan. Natijada yuzaga kelgan norozilik videolavha orqali ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan.
✅Terimchilar oziq-ovqat bilan ta’minlangan
📌Videolavhada bildirilgan e’tirozlardan yana biri oziq-ovqat masalasi bilan bog‘liq. Korxona rahbarining ma’lum qilishicha, terimchilarga ichimlik suvi bilan birga bir martalik qadoqdagi tayyor oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilgan. Demak, korxona tomonidan terimchilarni oziq-ovqat bilan ta’minlash choralari ko‘rilgan.
🚌 Shuningdek, terimchilarni dalaga olib kelish uchun transport xizmati tashkil etilgan. Bundan tashqari, korxona rahbarining ma’lum qilishicha, guruh mas’ullari tomonidan korxona vakillariga 400 ga yaqin terimchilarning har biri uchun 5 ming so‘mdan berishni talab qilgan va mazkur mablag‘ korxona tomonidan taqdim etilgan.
📋 Umuman olganda, korxona rahbari taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, terimchilarning paxta haqi hisob-kitob jarayoni davomida bosqichma-bosqich to‘langan, oziq-ovqat va ichimlik suvi bilan ta’minlash ishlari ham tashkil etilgan.
🤝Paxta yig‘im-terimi davrida bunday vaziyatlarning oldini olish uchun hisob-kitoblarni tezkor tashkil etish, guruh mas’ullari va terimchilar o‘rtasida aniq tushuntirish ishlarini olib borish muhimdir. Zero, yuzaga kelgan vaqtinchalik kechikishlar sababli tushunmovchiliklar paydo bo‘lmasligi, terimchilarning mehnati munosib qadrlanishi va axborotlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishidan oldin vaziyatga to‘liq aniqlik kiritilishi lozim.
