Bugun belgilangan reja asosida Kegeyli tumani hokimligi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmatlari hamkorligida respublika ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida media-tur tashkil etildi.
Media-turning dastlabki manzili Ichanqal’a qishloq fuqarolar yig‘ini hududida xitoylik tadbirkorlar tomonidan Xitoy texnologiyasi asosida paxta yetishtirilayotgan dala maydoni bo‘ldi. Ishtirokchilar bu yerda zamonaviy agrotexnologiyalarning qo‘llanilishi va paxtachilikdagi amaliy jarayonlar bilan tanishdi.
Shundan so‘ng media-tur ishtirokchilari tumandagi paxta qabul qilish maskanlariga tashrif buyurib, paxta hosilini qabul qilish, elektron hisobga olish va nazorat qilishda qo‘llanilayotgan zamonaviy «Agrotarozi» elektron tizimi faoliyatini o‘rgandi.
Media-turning navbatdagi manzili qishloq xo‘jaligida tomchilatib sug‘orish tizimi uchun zarur bo‘lgan polietilen quvurlar ishlab chiqaruvchi korxona bo‘ldi. Xitoylik tadbirkor tomonidan tashkil etilgan mazkur korxona faoliyati, ishlab chiqarish jarayonlari va suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishdagi ahamiyati haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, jurnalist va blogerlar tumanda yetishtirilayotgan mosh mahsulotini eksport qilish bilan shug‘ullanuvchi «Global Export» korxonasi faoliyati bilan ham tanishdi. Korxonada mosh mahsulotlarini qabul qilish, saralash va eksportga tayyorlash jarayonlari, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tashqi bozorlarga yetkazib berish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.
Ushbu media-turdan ko‘zlangan asosiy maqsad – tumanda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, zamonaviy texnologiyalarning joriy etilishi, ishlab chiqarish va eksport salohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishdan iborat.
